Shriftning o'lchami: A A A
Rang sayt: A A A A

Qishloq qurilishi bo’yicha savol javoblar

Uy-joy qurilishi uchun kredit kimlarga beriladi? Talabgorning yoshi va ijtimoiy kelib chiqishi bilan bog’liq cheklovlar bormi?

Namunaviy loyihalar bo’yicha uy-joy qurilishi uchun kredit quyidagi shaxslarga beriladi:
- qishloq joylarda yashaydigan (doimiy ro’yxatdan o’tgan), ipoteka krediti olish uchun murojaat qilgan kunida 18 yoshga to’lgan O’zbekiston Respublikasi fuqarolariga;
- oxirgi 12 oy mobaynida doimiy ish joyiga, shaxsiy yordamchi yoki dehqon xo’jaligidan yoxud yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatidan doimiy daromadga, shuningdek ipoteka krediti bo’yicha hisoblab yozilgan foizlarni va asosiy qarzni to’lov jadvaliga muvofiq har oyda to’lash uchun yetarli bo’lgan, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa daromad manbaiga ega bo’lgan shaxslarga;
- barpo etilayotgan namunaviy loyiha uy-joy smeta qiymatining kamida 25 foizi miqdorida boshlang’ich badal uchun mablag’ga ega bo’lgan shaxslarga;
- kredit tashkilotlaridan kreditlar bo’yicha to’lov muddati o’tgan qarzi bo’lmagan shaxslarga.

Namunaviy loyiha deganda nima tushunamiz - zamonaviy qurilish materiallari va texnologiyalarini respublika mintaqalarining tabiiy-iqlim sharoitlarini va joyning rel'efini, ijtimoiy-demografik xususiyatlarini hisobga olgan holda qo’llanib namunaviy uy-joylar qurish uchun "Qishloqqurilishloyiha" MCHJ loyihalash-qidiruv instituti tomonidan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan loyiha.

Kreditni olish uchun eng avvalo kimga murojaat etish kerak? Biror tashkilotning yo’llanmasi yoki ruxsatnomasi kerakmi ?

Yakka tartibda uy joy qurish uchun avvalo fuqaro o’zi istiqomat qiladigan viloyatdagi "Qishloq qurilish invest"IK ning filialiga ariza bilan  murojaat qilishi lozim. Fuqaro o’z arizasida uy joylarning namunaviy loyihasini va uy joy qurilishi uchun to’lov turini ko’rsatib o’tishi lozim.  "Qishloq qurilish invest"IK arizani o’rganib chiqadi va fuqaro bilan shartnoma tuzish uchun taklif etadi. Fuqaro "Qishloq qurilish invest"IK bilan shartnoma tuzgandan so’ng, ipoteka krediti rasmiylashtirish uchun fuqaro yashash joyiga yaqin bo’lgan "Qishloq qurilish bank"ning tuman (shahar) filialiga murojaat qiladi. Shu munosabatli fuqaro tomonidan yo’llanma yoki ruxsatnoma taqdim etish talab etilmaydi.

Kredit olish uchun qanday hujjatlar taqdim etilishi kerak?
Ipoteka krediti olish uchun qarz oluvchi (birgalikda qarz oluvchilar) tomonidan quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
a) kredit olish uchun ariza;
b) qarz oluvchi (birgalikda qarz oluvchilar) pasportining nusxasi;
v) yashash joyidan oila tarkibi to’g’risidagi ma'lumotnoma;
g) qarz oluvchi (birgalikda qarz oluvchilar)ning moliyaviy ahvolini tasdiqlovchi hujjatlar;
d) qarz oluvchining nomiga ochilgan omonat qo’yilma hisob raqamiga pul mablag’lari qo’yilganligi to’g’risidagi ma'lumotnoma va "Qishloq qurilish invest"IK injiniring  kompaniyasi bilan "kaliti bilan topshirish" shartlari asosida tuzilgan shartnomaning nusxasi.

e) namunaviy loyiha nusxasi

Birgalikda qarz oluvchilar kim bo’lishi mumkin?
Qarz oluvchining ipoteka krediti va kredit bo’yicha foizlarning har oydagi to’lovlarida qatnashadigan, shuningdek ipoteka krediti yuzasidan birgalikda javob beradigan eri (xotini) hamda uning yaqin qarindoshlari (ota-onasi, aka-ukalari, opa-singillari, farzandlari)

Qarz oluvchi (birgalikda qarz oluvchilar)ning moliyaviy ahvolini tasdiqlovchi hujjatlar qanday hujjutlar hisoblanadi?

1) doimiy ish joyiga ega bo’lganlar uchun:
- xodimning oxirgi 12 oy mobaynidagi daromadlari to’g’risida qarz oluvchi (birgalikda qarz oluvchilar) va oila a'zolari ishlaydigan korxona (muassasa) tomonidan belgilangan shaklda berilgan ma'lumotnoma;
- O’zbekiston Respublikasi davlat-tijorat Xalq banki filialida ochilgan yakka tartibdagi jamg’arma pensiya hisob raqamidan ko’chirma (agar jamg’arma pensiya tizimida majburiy tartibda ishtirok etsa) - bank talabiga ko’ra taqdim etiladi;
2) boshqa daromadlar manbaiga ega bo’lgan fuqarolar uchun :
- ularning yashash joyidagi davlat soliq xizmati organi tomonidan tasdiqlangan oxirgi 12 oy mobaynidagi daromadlar to’g’risidagi deklaratsiyalar nusxalari.
- Dehqon/fermer xo’jaliklari boshliqlari hisoblanadigan yoki yuridik shaxs bo’lmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanadigan fuqarolar oxirgi 12 oy mobaynidagi daromadlari to’g’risidagi deklaratsiyalardan tashqari, shuningdek, agar ular amalga oshiradigan faoliyat turlari qonun hujjatlariga muvofiq litsenziyalanishi kerak bo’lsa, faoliyatning ayrim turlari bilan shug’ullanish uchun huquqning davlat ro’yxatidan o’tganligi to’g’risidagi guvohnoma va litsenziyaning nusxalarini ham taqdim etadilar.

Kredit ajratishda pul miqdori qay yo’sinda belgilanadi?

Ipoteka krediti miqori amaldagi tartiblarga muvofiq kredit ajratish sanasida amalda bo’lgan belgilangan eng kam oylik ish haqining 1000 baravaridan oshmaydigan miqdorida belgilanadi. Bunda ajratiladigan kredit miqdori uy-joy qiymatining 75 foizidan oshmasligi lozim.  

Uyni qurib beradigan pudratchi tashkilotni fuqaroning o’zi topishi kerakmi yoki bankning o’zi tanlaydimi ?

Qarz oluvchi fuqaro "Qishloq qurilish invest"IK injiniring  kompaniyasi bilan "kaliti bilan topshirish" shartlari asosida tuzilgan shartnomada qurilish tashkilotini tanlash va texnik nazorat qilish vazifalarini kompaniyaga yuklaydi. Bunda, qarz oluvchi shartnomasiga muvofiq qurilishning butun davri mobaynida qurilish jarayoniga halaqit bermagan holda qurilishning borishini kuzatib borish hamda zaruriyat bo’lganda namunaviy loyiha doirasida yozma shaklda takliflar kiritish va injiniring kompaniyasi va pudratchiga e'tirozlar bildirish huquqiga egadir.

Kreditga ariza berishdan oldin talabgor o’zi tanlagan loyihani taqdim etishi kerakmi yoki loyiha pul ajratilgandan keyin tanlanadimi?

"Qishloq qurilish invest"  injiniring kompaniyasida "Qishloqqurilishloyiha" loyiha-qidiruv instituti tomonidan ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan namunaviy loyihalar katalogi mavjud bo’lib, fuqaro ushbu loyihani kompaniyaga ariza berishdan oldin tanlaydi. Bunda fuqaro tomonidan tanlangan namunaviy loyiha fuqaroga bepul beriladi.

Foiz  to’lovi qay tarzda belgilanadi?

Ipoteka kreditidan foydalanganlik uchun foiz stavkasi yillik 7 foiz miqdorida belgilanadi.

Garov shartlari qanday? Nimalar garovga qo’yiladi?

 Kredit mablag’lar barpo etilayotgan uy-joy garovi ostida, ya'ni qarz oluvchi tomonidan tanlangan namunaviy loyihalar bo’yicha qishloq joylarda qurilayotgan uy-joy garov sifatida qabul qilinadi.

Kredit necha yilga beriladi va qanday imtiyozlar bor?

Ipoteka kreditlari olti oydan iborat imtiyozli davr bilan 15 yilgacha muddatga beriladi. Bunda, ushbu kreditdan foydalanganligi uchun qarz oluvchining soliqqa tortiladigan daromadlariga quyidagi daromadlari kirmaydi:
-soliqqa tortiladigan ish haqi va boshqa daromadlarning ipoteka kreditlari va ular bo’yicha hisoblangan foizlarni qoplash uchun yo’naltirilgan summasi;
- xo’jalik sub'ekti - ish beruvchidan uy-joy sotib olish uchun olingan mablag’.
Bunda, sotib olingan uy-joy davlat ro’yxatidan o’tkazilgan kundan boshlab besh yil ichida sotilsa, olingan daromadlar belgilangan tartibda jismoniy shaxslar daromadlariga solinadigan soliqqa tortiladi.

Xususiy korxona yoki do’kon qurilishi uchun ham kredit ajratiladimi ?

Imtiyozli kredit mablag’lar faqatgina tasdiqlangan namunaviy loyihalar asosida uy - joylar qurilishi uchun ajratiladi. Xususiy korxona yoki tijorat do’konlari qurilishi uchun bankimizning tijorat kredit mablag’laridan foydalanishi mumkin.

Muddat tugagach, kredit naqd pulda qaytariladimi yoki naqd pulsiz to’lov ham mumkinmi?

Qarz oluvchi (birgalikda qarz oluvchilar) tomonidan foizlarni va ipoteka kreditini to’lash quyidagi manbalar hisobiga amalga oshirilishi mumkin:
a) ish haqi va unga tenglashtirilgan to’lovlar, pensiyalar, gonorarlar, dividendlar, foizlar va qimmatli qog’ozlar bo’yicha olinadigan boshqa daromadlar hisobiga naqd pulsiz shaklda o’tkazish yo’li bilan;
b) naqd pul ko’rinishida;
v)qarz oluvchi (birgalikda qarz oluvchilar)ning bankdagi omonatlari bo’yicha hisob raqamlaridan naqdsiz shakldagi pul mablag’lari o’tkazish yo’li bilan;
g) bank plastik kartochkalaridan pul mablag’larini naqdsiz to’lash yo’li bilan;
d) naqdsiz shakldagi pul mablag’larini qarz oluvchi (birgalikda qarz oluvchilar)ning ish beruvchisi tomonidan, moddiy yordam mablag’lari va ipoteka kreditini to’lash uchun ajratilgan boshqa mablag’lar hisobidan o’tkazish yo’li bilan;
e) fermer xo’jaliklarining yil yakuniga ko’ra fermer xo’jaligi boshlig’ining shaxsiy tasarrufiga o’tadigan daromadlari hisobidan o’tkazish yo’li bilan, agar u qarz oluvchi yoki birgalikda qarz oluvchilar deb hisoblangan taqdirda;
j) qonun hujjatlarida ta’qiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan.

Muddat tugamasdan oldin kredit to’lansa, qanday imtiyozlar bo’ladi?

Qarzdor (birgalikda qarz oluvchilar) kreditni muddatidan oldin to’laganda  vositachilik to’lovi undirilmaydi.

Kredit olgan fuqaro to’satdan vafot etsa nima bo’ladi?

Kredit olgan fuqaro to’satdan vafot etgan taqdirda uning mulk va qarz majburiyatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qabul qilib olgan huquqiy vorislariga o’tadi.


Plastik kartochkalar boyicha savol va javoblar                                                                                                                                                    


O‘zbekiston Respublikasida tegishligiga ko‘ra som  bank plastik kartochkalari (BPK) qanday turlari muomalaga chiqariladi.

Javob: Bank tomonidan 3 turdagi  BPK muomalaga chiqariladi.

                Bular:

                Shaxsiy plastik kartochkalar;

                Korparativ plastik kartochkalar;

                Yakka tartibdagi tadbirkorning milliy valyutadagi plastik kartochkalari.

 

Bank tomonidan muomalaga chiqarilgan BPK hozirda qaysi rejimda ishlaydi?

Javob: O‘zbekistrn Respublikasi tijorat banklari tomonidan ikki xil rejimda ishlay oladigan BPK muomalaga chiqarilgan. Ya'ni, bular On-line va Off-line rejimida

ishlaydigan BPKlar

 

O‘zbekistondagi tijorat banklari tomonidan harakatlanish rejimiga ko‘ra qanday turdagi  BPK chiqariladi?

Javob: Tijorat banklari tomonidan xarakatlanish rejimiga ko’ra ikki turdagi  plastik kartochkalari muomalaga chiqariladi:

a) debet bank plastik kartochkasi o‘z saqlovchisiga,  plastik kartochka  emitenti va saqlovchisi o‘rtasida tuzilgan shartnoma shartlariga binoan, tegishli kartochka hisobvarag‘idagi pul mablag‘larining qoldig‘i doirasida tovarlar (ish, xizmat) ga haq to‘lash va (yoki) naqd pul mablag‘larini (korporativ BPK va yakka tartibdagi  tadbirkorning milliy valyutadagi  plastik kartochkalari bundan mustasno) olish uchun tasarruf etish imkonini beradi.

b) kredit bank plastik kartochkasi o‘z saqlovchisiga,  plastik kartochka emitenti va

saqlovchisi o‘rtasida tuzilgan shartnoma shartlariga binoan tovarlar (ish, xizmat) uchun haq to‘lash va (yoki) naqd pul mablag‘larini (korporativ  plastik kartochkalar bundan mustasno) olish uchun tegishli kartochka hisobvarag‘idagi pul mablag‘lari qoldig‘idan ortiq operatsiyalarni amalga oshirish imkonini beradi.

 

BPK almashtirish yoki yangi BPK olish tartibi qanday amalga oshiriladi?  

Javob: Plastik kartochka qaysi rejimda ishlashidan qat’iy nazar uni muomalaga chiqarish tartibi tijorat banki tomonidan qabul qilgan tartibda amalga oshiriladi.  plastik kartochkalarning qo‘shimcha emissiyasi uchun kartochka hisobvarag‘i saqlovchisining yozma arizasi zarur. Plastik kartochka 3 ish kuni davomida ochib beriladi.

Mijoz o‘z plastik kartochkasini almashtirishi yoki yangi plastik kartochkasini olishi uchun unga xizmat ko‘rsatayotgan tijorat bankiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi lozim bo‘ladi:

Tijorat banki filiali boshqaruvchisi nomiga ariza;

Shaxsni tasdiqlovchi hujjat (Fuqarolik pasporti);

 

PIN-kod nima va uni qanday almashtirish mumkin, shuningdek o‘z pul mablag‘larini saqlanishini va xavfsizligini ta’minlash uchun nimalarni bilish zarur?

 

Javob:  PIN-kod – plastik kartochkani saqlovchisining shaxsiy identifikatsion raqami bo‘lib, u kartochka hisobvarag‘idagi pul mablag‘larni boshqarish huquqini beradi, hamda mablag‘larni boshqarishga plastic kartochkaning saqlovchisi tomonidan ruxsat berilganligini tasdiqlaydi.

Kartochka saqlovchisi mustaqil ravishda quyidagi PIN-kodlarni kiritadi:

Off-line rejimidagi BPK uchun:

birinchi PIN-kod- plastik kartochkaning pul mablag‘larni boshqarish uchun;        ikkinchi PIN-kod esa – plastik kartochkalari mablag’ini yuklash uchun.

On-line rejimidagi BPK uchun:

yagona PIN-kod-kartochka hisobvaragidagi pul mablag larni boshqarish uchun;

PIN-kodni xizmat ko‘rsatuvchi bank yoki joylarda o‘rnatilgan bankomat, infokiosk va terminallar orqali almashtirish mumkin.

PIN-kod (shaxsiy identifikatsion raqam-kod) haqidagi ma’lumot maxfiydir, shu sababli PIN-kod haqidagi ma’lumotlarni tarqatish tavsiya etilmaydi. Plastik kartochkani  saqlovchisi o‘z kodini yoddan bilishi, uni kartochka va odatda kartochka bilan birga tutiladigan narsalarni ustida yozib qo‘ymasligi lozim. PIN - kodni boshqa shaxslarga va hatto bank xodimlariga ham oshkor qilish tavsiya etilmaydi. Agar PIN-kodingizni biror-bir shaxs bilishi haqida gumon paydo bo‘lgan bo‘lsa, darhol o‘z parolingizni terminal yoki bankomat orqali o‘zgartirishingiz lozim.

Agar plastik kartochka saqlovchisi shartnoma shartlarini buzgan holda, o‘z PIN-kodini oshkora qilgan va/yoki kartochkani uchinchi shaxsga foydalanishga bergan bo‘lsa, bu holda u amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan barcha tranzaksiyalar bo‘yicha javobgardir.

 

Qanday hollarda BPK blokka tushadi?

Jalob: Plastik kartochkadan foydalanganda uch marta noto‘g‘ri PIN-kod terilsa, plastik kartochka blokka tushadi. Bunday holatda bank plastik kartochka emitentiga murojaat eting va bank korsatmalariga amal qiling. Shuningdek, Off-Line rejimidagi plastik kartochka orqali bir oy mobaynida hech qanday tranzaksiya amalga oshirilmasligi plastik kartochkaning blokka tushishiga sabab bo‘ladi.

 

BPK saqlovchisi, uning kartochkasidan operatsiya o‘tkazilgani to‘g‘risida doimiy habardor bo‘lish imkoniyati mavjudmi?

Javob: Hozirda barcha tijorat banklari tomonidan mijozlarga qulayliklar yaratish maqsadida SMS-habar berish hamda internet banking, mobayl banking va SMS-banking kabi hizmat turlari taqdim etiladi. Ushbu xizmatlarga istalgan vaqtda tijorat bankiga ariza bilan murojaat qilib ulanish mumkin

 

 

  20.11.2015                                                                                                                                                                                                                         Bank axborot xizmati

Chop qilish PDF ni yuklash
O`zbekiston
Respublikasining
Hukumat portali
O`zbekiston Respublikasi
Markaziy banki

Iltimos yagona telefon orqali hizmatni baholang

Valyutalar kursi 23.05.2017
Valyuta Xarid Sotish MB
1 USD 3857.00 3896.00 3820.46
1 EUR 4246.00 4255.00 4245.83
1 GBP 4968.00 4973.00 4967.36
10JPY 343.00 344.00 342.52
Kalkulyatorlar Tariflari