Rang sayt: A A A A
24.05.2019

Mamlakatimizda aholini tadbirkorlikka keng jalb etish, har bir oilaning biznes faoliyatini yo‘lga qo‘yib olishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berishga katta e’tibor qaratilmoqda. Biznes loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish ishlari tashkiliy, moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlanyapti. Bu bejiz emas, albatta. Chunki ishbilarmonlik harakatining quloch yoyishi nafaqat iqtisodiyotni rivojlantirish, balki joylarda yig‘ilib qolgan ijtimoiy masalalarni hal etish, xususan, bandlikni ta’minlash, odamlarning doimiy daromad manbaini shakllantirish imkonini beradi.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 7 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan “Har bir oila — tadbirkor” dasturi tadbirkorlarning yangi sinfini shakllantirish, olis va tabiiy-iqlim sharoiti og‘ir hududlarda aholining moddiy sharoitini yaxshilash, turmush tarzi sifati va darajasini o‘zgartirishga xizmat qilmoqda. Prezidentimizning joriy yil 7 martdagi “Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori esa ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yanada jadallashtirib yubordi.

“Har bir oila — tadbirkor” dasturi ijrosida “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat banki, ayniqsa, faol ishtirok etmoqda. Binobarin, 2019 yilning 20 may holatiga ko‘ra, mazkur bank tomonidan qariyb 10 ming 100 ta oilaga 206,1 mlrd. so‘mlik kreditlar ajratildi. Jumladan, 2 552 ta oilaga naslli qoramol sotib olish uchun 55,9 mlrd. so‘m, 600 ta oilaga qo‘ychilikni yo‘lga qo‘yish uchun 10,6 mlrd. so‘m, 118 ta oilaga quyonchilik bilan shug‘ullanishi uchun 2,4 mlrd. so‘m, 448 ta oilaga asalarichilikni rivojlantirishga 11,1 mlrd. so‘m, 990 ta oilaga yetti xazinaning biri bo‘lgan parrandachilik faoliyati uchun 16,4 mlrd. so‘m, 1 989 ta oilaga tikuvchilikni o‘zlashtirishga 29 mlrd. so‘m, 1 339 ta oilaga issiqxona bunyod etish uchun 28,4 mlrd. so‘m berildi. Bundan tashqari, baliqchilik uchun 69 oilaga 2 mlrd. so‘m, bog‘dorchilikka 118 ta oilaga 2,7 mlrd. so‘m, hunarmandchilik yo‘nalishida 110 ta oilaga 2,7 mlrd. so‘m, qandolatchilik yo‘nalishida 937 ta oilaga 11,4 mlrd. so‘m, boshqa yo‘nalishlarga esa 821 ta oilaga 33,5 mlrd. so‘m mikrokreditlar ajratildi.

“Har bir oila — tadbirkor” dasturining Jizzax viloyatidagi ijrosini tashkil etish uchun “Qishloq qurilish bank” va O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi mas’ul etib biriktirilgan.

Xo‘sh, bank tomonidan tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lganlarga imtiyozli kredit ajratish, yoshlar, xotin-qizlar va kam ta’minlangan oilalarni biznesga jalb qilish, bandligini ta’minlash bo‘yicha qanday chora tadbirlar ko‘rilmoqda?

— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida 2 may kuni “Har bir oila — tadbirkor” dasturi ijrosini sifatli tashkil etish, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish borasidagi ishlar tahliliga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, bankimiz mas’ul xodimlari viloyatning har bir tumaniga biriktirildi, — deydi “Qishloq qurilish bank” boshqaruvi raisi o‘rinbosari Farhod G‘ofurov. — Ular joylarda aholi bilan muloqat qilib, dastur doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni tanqidiy va tahliliy o‘rganadi. Muammolar imkon qadar joyida hal etiladi. Buning iloji bo‘lmagan hollarda esa viloyat, respublika darajasida hal etish choralari ko‘riladi. Bank xodimlari to‘rtta sektor rahbarlari, ularning mahalla va qishloq fuqarolar yig‘inlariga biriktirilgan xodimlari, tegishli tashkilotlar vakillari bilan birga, tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagini bildirgan fuqarolar va ularning imtiyozli kreditlarga bo‘lgan ehtiyojini aniqlash bo‘yicha har bir xonadonga kirib bormoqda. Viloyatdagi mavjud 214 175 oilaning har biri daromadini ko‘paytirish, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishi uchun 257 ming nusxada tavsiyaviy tarqatma materiallar tayyorlanib, tarqatilmoqda. Shuningdek, aholi tomonidan tushgan takliflar asosida kimgadir issiqxona, boshqasiga tuyaqush yoki naslli qoramol olib kelish bo‘yicha ta’minotchi korxonalar bilan shartnomalar imzolash va mahsulotlarni olib kelish ishlari ham to‘liq nazoratga olindi. Bu tez orada o‘z samarasini beradi, albatta.

Viloyatda “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida 210 mlrd. so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratilgan bo‘lib, ularni aholi qisqa muddatda o‘zlashtirishi lozim. Sektor rahbarlari bilan hamkorlikda “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida tadbirkorlikni rivojlantirish, ular etishtirgan mahsulot yoki tovar uchun xaridorlar topish masalalari bo‘yicha aniq tadbirlar belgilangan.

— Biz oilada yetti kishimiz, — deydi Arnasoy tumanidagi G‘oliblar shaharchasida yashovchi Gulsara Xolboeva. — Mening nogironlik pensiyam, kelinimning 2 yoshgacha bo‘lgan bolalar tarbiyasi uchun nafaqa pulini aytmaganda, boshqa daromad manbaimiz yo‘q edi. Boshim qotib turgan paytda bank xodimlari kelib qolishdi. Ular kredit olib, issiqxona qurishni tavsiya qildi. Bir haftada issiqxona tayyor bo‘ldi, ekin ekdik, mana ko‘ring, pomidorlar pishdi. Bodringlarni uzib olyapmiz. Buni ko‘rgan ko‘chamizdagi yana beshta xonadon ham kredit oldi. Hech biri yomon bo‘lmayapti. Nasib etsa, olgan kreditimizni o‘z vaqtida qaytaramiz. Eng asosiysi, o‘g‘illarim va kelinim ishli bo‘ldi.

Bank xodimlari shu kabi tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagidagi odamlarga kredit olish, undan maqsadli foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar beryapti, namunaviy biznes-rejalar taqdim qilmoqda.

— Kasbim o‘qituvchi, uzoq yillar yoshlarga ta’lim-tarbiya berdim, — deydi G‘allaorol tumanidagi “Qashqabuloq” MFYda yashovchi Abdug‘affor Norqulov. — Hozir pensiyadaman. Bekor o‘tirmay, uyimizda bolalar bog‘chasi tashkil etish g‘oyasi tug‘ildi. Bu “Qishloq qurilish bank” mintaqaviy filiali tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, imtiyozli foizda 30 million so‘mlik kredit berildi. Shu mablag‘ evaziga kerakli jihozlar olib, faoliyatimizni boshladik. Hozir mahallamizning 50 nafar bolasiga tarbiya beryapmiz.

Viloyatda “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasidagi mablag‘larni o‘zlashtirish bo‘yicha barcha tijorat banklari filiallariga mikrokreditlarni ajratish uchun to‘liq vakolat va yetarli resurs mablag‘lari berilgan. Bu esa kredit ajratish yuzasidan taqdim qilingan tavsiyanomalar asosida mustaqil qaror qabul qilish vakolatini beryaptiki, pirovardida aholining biznes-rejalari hayotga jadal tatbiq qilinmoqda.

Tolibjon ERGASHEV
(“Xalq so‘zi”).

Chop qilish PDF ni yuklash
O`zbekiston
Respublikasining
Hukumat portali
O`zbekiston Respublikasi
Markaziy banki

Siz ATB "Qishloq qurilish bank" tomonidan xizmat ko'rsatish sifatini qanday baholaysiz?

  • A'lo 80%
  • Qoniqarsiz 56%
  • Xizmatlardan kelajakda foydalanaman 26%
  • Yaxshi 19%
  • O'rta 14%
Valyutalar kursi 17.10.2019
Valyuta Xarid Sotish MB
1 USD 9 420,00 9 480,00 9 455.24
1 EUR 9 900,00 10 700,00 10 438.58
1 GBP 11 000,00 12 000,00 11 958.04
1 JPY 70,00 95,00 87.23
1 CHF 9 000,00 9 800,00 9 488.45
1 RUB 100,00 155,00 147.25
Kalkulyatorlar Bank xizmatlari tariflari