Rang sayt: A A A A
05.04.2018

2018 yilning 5 aprel kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida ATB “Qishloq qurilish bank” tomonidan “Qishloq joylarda namunaviy loyihadagi uy-joylar qurish borasida erishilgan natijalar: tajriba, amaliyot va muammolar” mavzusida brifing o‘tkazildi.

IMG_1763.JPG

Tadbirda qayd etildiki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 21 oktyabrdagi “2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida”gi qarori aholining real ehtiyojlari va xarid qobiliyatini, shuningdek, milliy mentalitetni va qishloq joylarda yashash sharoitlarini to‘liq hisobga oluvchi qurilishning yuqori samaradorligini ta’minlaydigan prinsipial jihatdan yangi yondashuvlarni ishlab chiqishni nazarda tutadi.

Qarorga muvofiq namunaviy loyihadagi uy-joylarning arzon namunalari joriy qilinib, 1 va 2-tipdagi uy-joylar uchun boshlang‘ich badal mablag‘lari 25 foizdan 15 foizga kamaytirildi hamda Dasturda ishtirok etuvchi tijorat banklarining safi kengaytirildi.

Shuningdek, Qarorda qurilish-montaj ishlari sifatiga qo‘yiladigan talablar oshirilib, asosiy qurilish materiallari va buyumlarga qurilish-pudrat tashkilotlarining xarajatlarini optimallashtirish hisobiga hamda Dastur ishtirokchilari uchun soliq, bojxona imtiyozlari va boshqa imtiyozlar berilishi tufayli barpo etiladigan namunaviy uy-joylar qiymatining pasaytirilishiga erishilishi ko‘zda tutildi.

IMG_1771.JPG

Brifingda ta’kidlandiki, Dastur ijrosida qishloqlarimiz qiyofasi tubdan o‘zgartirilishiga, qishloq joylarda zamonaviy uy-joylar, muhandislik va transport kommunikatsiyalari, ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari barpo etilishiga katta e’tibor qaratilmoqda. Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar oilalarni arzon, sifatli, shinam uy-joy bilan ta’minlashga, qishloqda yangi muhandislik-kommunikatsiya, ijtimoiy va bozor infratuzilmasini shakllantirishga ko‘maklashmoqda, qishloqning qiyofasini yangi darajaga ko‘tarish va shu asosda qishloq aholisining hayot darajasini yaxshilash va dunyoqarashini o‘zgartirish imkonini bermoqda.

Shu bilan birga, qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish Dasturi doirasida 2018 yilning 18 yanvarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2018 yilda uy-joy qurilishini rivojlantirish maqsadli dasturlarni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

IMG_1783.JPG

Mazkur qarorga muvofiq 2018 yilda umumiy qiymati 3534,8 mlrd. so‘mlik 20000 ta uy-joylar qurilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, shundan:

- 16246 tasi uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan oilalarga;

- 658 tasi alohida namuna ko‘rsatayotgan yosh oilalarga;

- 1260 tasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilariga;

- 468 tasi Milliy gvardiya harbiy xizmatchilariga;

- 468 tasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi harbiy xizmatchilariga;

- 900 tasi Ichki ishlar vazirligi xodimlariga berilishi belgilangan.

Qarorda 2018 yilda qurilishi rejalashtirilgan 20000 ta uy-joylarning moliyalashtirish manbalari aniqlanib, unga muvofiq uy-joylar qurilishini 676,2 mlrd. so‘mi aholi mablag‘lari, 2165,5 mlrd. so‘mi xalqaro moliya institutlarining kredit liniyalari (Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki va Saudiya taraqqiyot fondi) va 693,1 mlrd. so‘mi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, 2018 yil dasturiga asosan namunaviy uy-joylar qurilishini moliyalashtirishning ishtirok etuvchi tijorat banklari o‘rtasidagi taqsimotiga muvofiq, 2018 yilda ATB “Qishloq qurilish bank” ishtirokida 8613 ta uy-joylar qurilishini moliyalashtirilishi belgilangan. Bugungi kunda uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan oilalar uchun qurilishi rejalashtirilgan uy-joylar bo‘yicha aholining boshlang‘ich badal mablag‘lari shakllantirilmoqda.

O‘z navbatida qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi doirasida joriy yilning 9 fevralida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ariza beruvchi - uy quruvchining 2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturida ishtirok etishi tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Brifingda “2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan   namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi ijrosida ATB “Qishloq qurilish bank” ishtirokiga doir masalalar, xususan, qishloq qurilishini kreditlash yo‘nalishida bank tomonidan ajratiladigan ipoteka kreditlarini rasmiylashtirish tartibi bo‘yicha zarur ma’lumotlar berildi.

Bank axborot xizmati

Chop qilish PDF ni yuklash
O`zbekiston
Respublikasining
Hukumat portali
O`zbekiston Respublikasi
Markaziy banki

Siz ATB "Qishloq qurilish bank" tomonidan xizmat ko'rsatish sifatini qanday baholaysiz?

  • A'lo 80%
  • Qoniqarsiz 56%
  • Xizmatlardan kelajakda foydalanaman 26%
  • Yaxshi 19%
  • O'rta 14%
Valyutalar kursi 13.11.2019
Valyuta Xarid Sotish MB
1 USD 9 480,00 9 530,00 9 490.77
1 EUR 10 200,00 10 900,00 10 455.03
1 GBP 11 700,00 12 600,00 12 119.71
1 JPY 70,00 95,00 86.86
1 CHF 9 000,00 10 000,00 9 517.42
1 RUB 110,00 155,00 148.82
Kalkulyatorlar Bank xizmatlari tariflari