Rang sayt: A A A A

Boshqaruv raisi B.M. Mullaxonovning Bankning 25 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan bayram tadbiridagi ma’ruzasi

Assalomu alaykum hurmatli mehmonlar, ustozlar va kasbdoshlar!

Avvalo, ruxsat bersangizlar cheksiz hurmat bilan o‘z nomimdan hamda bank Boshqaruvi nomidan tashrif buyurgan Siz aziz ustozlarni, mehmonlarni hamda ko‘p ming sonli mehnat jamoani, shuningdek bank bilan yaqindan hamkorlik qilayotgan barcha mijozlarimizni bugungi shodiyona, ya’ni bank tashkil topganligining 25 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman.

Sizlarni bank tashkil etilishidagi hamda uni yillar davomida bardavom etib kelayotgan rivojlanish istiqbollarini zabt etishda qo‘shgan va qo‘shib kelayotgan mehnatlaringiz samarasi bois o‘tgan 25 yil mobaynida bankimiz respublikamiz hamda xalqaro darajada o‘z nufuzi va obro‘siga ega bo‘ldi.

Buning uchun barchangizga yana bir bor o‘zimning cheksiz minnatdorchiligimni bildiraman.

Davlatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki yillarida, respublikamizda g‘alla yetishtirish, respublikamiz aholisini non va non mahsulotlariga bo‘lgan extiyojini ta’minlashdek o‘ta muhim vazifa, ya’ni g‘alla mustaqilligiga erishishdek masalani yechimini topish zarur edi.

Ushbu maqsadda, bundan, 25 yil avval, ya’ni 1994 yil 20 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining respublika ixtisoslashtirilgan aksiyadorlik tijorat banki “G‘allabank”ni tashkil etish bo‘yicha 311-sonli qarori qabul qilindi va 1994 yilning 2 avgustidan bank o‘z faoliyatini boshladi.

Bankning asosiy vazifasi etib g‘alla va boshoqli don mahsulotlari yetishtiruvchi xo‘jalik sub’ektlariga xalqaro andozalar talablari darajasida bank xizmatini ko‘rsatish, ushbu soha bilan birgalikda mamlakat iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni, ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish, vatanimizda yetishtirilayotgan don va un mahsulotlari eksportini rivojlantirishda yordam berish, eng asosiysi mamlakatimizning g‘alla mustaqilligiga erishishni ta’minlashdek muhim maqsadlar belgilangan edi.

Ushbu maqsadda, o‘sha yillari Hukumatimiz tomonidan amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlarda qishloq xo‘jalik sohasini rivojlanishiga katta e’tibor qaratilishi va ushbu yo‘nalishda olib borilgan izchil siyosat natijasida qishloq xo‘jaligi sohasida erishilgan ijobiy natijalar hamda respublikamiz iqtisodiyotida amalga oshirilgan o‘zgarishlarda “G‘allabank” ham o‘zining sezilarli darajada hissasini qo‘shdi. Shuningdek, o‘zining barcha moliyaviy ko‘rsatkichlari bilan respublikada faoliyat yuritayotgan moliyaviy institutlarning yetakchilaridan biriga aylandi.

Bank tomonidan g‘alla mustaqilligiga erishish yo‘lida faoliyat yuritgan barcha soha vakillarini, ayniqsa g‘alla yetishtiruvchi qishloq xo‘jalik va uni qayta ishlovchi korxonalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlab borilishi natijasida yurtimizda qisqa muddatlarda mazkur sohada ko‘zlangan maqsadlarga erishildi.

2009 yilga kelib, Respublika Prezidenti va Hukumati tomonidan G‘allabank oldiga yana bir muhim vazifa belgilandi.

Birinchi Yurtboshimiz tomonidan 2009 yilni “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” deb e’lon qilinishi va ushbu yilga bag‘ishlab qabul qilingan davlat dasturiga muvofiq hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009 yil 30 martdagi 1083-sonli qarori asosida G‘allabank negizida “Qishloq qurilish bank” tashkil etildi va uning tarkibiy tuzilmasi tubdan o‘zgartirildi.

Qishloq qiyofasini sifat jihatdan yaxshilash, qishloq aholisi turmush darajasini yaxshilash, zamonaviy qurilish materiallaridan foydalanib, qishloqda sifatli uy-joylarni qurish, ijtimoiy soha ob’ektlarini barpo qilish, pirovard maqsadda qishloq aholisi dunyo qarashini tubdan o‘zgartirish, mamlakatimiz qishloqlari qiyofasini butunlay yangi bir bosqichga ko‘tarishga qaratilgan keng qamrovli tadbirlarni amalga oshirish Birinchi Prezidentimiz tomonlaridan belgilab berilgan edi.

Mazkur vazifalarni amalga oshirish maqsadida qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida qurilishi belgilangan uy-joylarni moliyalashtirish bevosita “Qishloq qurilish bank” tomonidan amalga oshirilishi belgilab berildi.

Respublikamiz qishloqlarini obod qilish, aholining yashash sharoitlarinin yaxshilashga qaratilgan qator Davlat dasturlari doirasida o‘tgan 10 yil davomida respublikamizda 123,0 mingdan ortiq namunaviy loyihalar asosida uy-joylar qurilishi bo‘yicha ish olib borildi. Ushbu uy-joylarni 80,0 mingdan ortiq qismi bevosita “Qishloq qurilish bank” tomonidan moliyalashtirildi.

Qurilish ishlari uchun 15,41 trln.so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. Bu borada birgina “Qishloq qurilish bank” tomonidan uy-joylar qurilishini moliyalashtirish uchun 9,57 trln.so‘mlik mablag‘lar yo‘naltirildi.

Ushbu maqsadda, ya’ni qishloq joylarda na’munaviy loyihalar asosida uy-joylar qurish dasturi doirasida nafaqat o‘z resurslarimiz balki xorijiy moliya institutlarining ham kredit liniyalari keng jalb qilindi. Jumladan, Osiyo taraqqiyot bankining ikki bosqichdan iborat 1,0 mlrd. AQSh dollari miqdoridagi, Islom taraqqiyot bankining 400,0 mln. AQSh dollari miqdoridagi, Saudiya taraqqiyot jamg‘armasining 110,0 mln. AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lari jalb qilingan bo‘lib, bugungi kunga kelib, ushbu mablag‘larning 897,8 mln. AQSh dollari o‘zlashtirildi.

Bundan tashqari, iqtisodiyotning real sektori korxonalari tomonidan yangi ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish, mavjudlarini kengaytirish va ishlab chiqarish jarayoniga zamonaviy texnika va texnologiyalarni jalb etish maqsadlarida ham bank tomonidan xorijiy kredit liniyalarni jalb qilish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, bank tomonidan jami 227,4 mln. AQSh dollari miqdoridagi 16 ta kredit liniyalari jalb qilingan bo‘lib, ular hisobidan qishloq xo‘jaligi, sanoat, xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalardagi 300 ga yaqin loyihalarni moliyalashtirish amalga oshirildi.

Xususan,

Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasining qishloq xo‘jaligi, meva-sabzavotchilik va chorvachilik yo‘nalishlaridagi – 20,2 mln. AQSh dollari;

Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining meva-sabzavotchilik yo‘nalishlaridagi – 39,9 mln. AQSh dollari;

Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish Halqaro jamg‘armasining meva-sabzavotchilik va sutchilik yo‘nalishidagi – 3,3 mln. AQSh dollari;

Xususiy sektorni rivojlantirish Islom korporatsiyasining -21,0 mln. AQSh dollari;

Yevropa investitsiya bankining sanoat korxonalarida energotejamkorlikni oshirishga qaratilgan – 25,0 mln. AQSh dollari miqdoridagi halqaro moliya institutlari hamda

Xitoy Eksport-import bankining – 20,0 mln. AQSh dollari;

Germaniya Kommersbankining – 10,0 mln. Yevro va KFV Ipeks-bankning 50,0 mln. yevro miqdoridagi mablag‘lari jalb qilindi.

25 yil avval o‘z faoliyatini 8 nafar xodim bilan 10 ta mijozga xizmat ko‘rsatish bilan boshlagan bank, bugungi kunga kelib 3091 nafar xodimlar orqali 814 mingdan ziyod mijozlarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Bank tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarning qariyib 55,0 foizini 35 yoshgacha bo‘lgan mutaxassislar tashkil etmoqda.

Shuni o‘rinda alohida ta’kidlab o‘tish mumkinki, bank xodimlarini malaka oshirishlariga va xorijiy banklar ish tajribalarini o‘rganishlariga katta imkoniyatlar yaratib berilmoqda.

Bankning dastlabki ustav sarmoyasi 8 mln. so‘mdan iborat bo‘lgan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich bugungi kelib 1074,7 mlrd. so‘mni tashkil qildi. Bankning 42 ta filial, 40 ta minibank va 186 ta shahobchalari orqali bank mijozlariga to‘laqonli xizmat ko‘rsatilmoqda.

Bankning rentabellik ko‘rsatkichlari holati ijobiy natijani, ya’ni bank kapitalining rentabellik ko‘rsatkichi joriy yilning 1 avgust holatiga 23,38 foizni, o‘z navbatida bank aktivlarining rentabellik ko‘rsatkichi esa 3,02 foizni tashkil etmoqda.

Bank ISO 9001:2015 sifat menejmenti tizimi auditidan muvaffaqiyatli o‘tib, muvofiqlik standartini(sertifikat) qo‘lga kiritdi. Bu - bank tomonidan iste’molchilarning talab va ehtiyojlarini doimiy qondirib borish borasida olib borilayotgan sa’y-harakatlarning yana bir mahsulidir.

Bankning har yilgi faoliyati natijalari xalqaro auditorlik kompaniyalari auditidan o‘tkazilib, bank faoliyati natijalari ijobiy baholanib kelinmoqda.

Shuningdek, “Qishloq qurilish bank”ning moliya xizmatlari bozorida tutgan mavqei va faoliyatida qo‘lga kiritilayotgan ijobiy natijalar xorijiy reyting agentliklar nazaridan chetda qolgani yo‘q. Xususan, “Moody's Investors Service” nufuzli reyting kompaniya bankning ko‘rsatkichlarini bir necha yillar davomida ijobiy baholab, barcha reytinglar istiqbolini “Barqaror” deb qayd etib kelmoqda.

Bank 25 yil davomida o‘z infrastruktura ob’ektlari tarmog‘ini kengaytirish bilan birga, bank filiallarini talabga javob beradigan, mijozlarga xizmat ko‘rsatishning barcha qulayliklariga ega bo‘lgan bino hamda jixozlar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratmoqda. O‘z navbatida, bank tomonidan mijozlar uchun qulay bo‘lgan zamonaviy bank xizmatlari, ya’ni mijozlarga to‘lovlarni masofadan boshqaruvchi “Mobil banking”, “QQB mobile” dasturlari orqali to‘lovlarni amalga oshirish hamda bank binosidan tashqarida joylashgan 24/7 rejimida uzluksiz faoliyat yurituvchi kassalar tizimi joriy qilindi.

Muxtassar qilib aytganda, bank tomonidan mijozlar hamda xodimlari uchun qulay zamonaviy ish sharoitlarini yaratish hamda bugungi kun talablari asosida respublikamiz Prezidenti va Hukumati tomonidan bank tizimi oldiga qo‘yilayotgan ustuvor vazifalarni bajarishda o‘zining bor kuch g‘ayratini yo‘nalishtirishga tayyordir.

Belgilangan vazifalar ijrosini bekamu ko‘st amalga oshirilishida, nafaqat qishloqlarimizning obod bo‘lishiga, balki xalqimizning turmush sharoitini yanada yaxshi, hayoti bugungidan-da farovon bo‘lishiga xizmat qilishga doimo tayyordir.

Shu kunlarda yurtimiz bo‘ylab mamlakatimiz mustaqilligining 28 yilligini munosib kutib olishga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Fursatdan foydalanib barchangizni mustaqilligimizning 28 yilligi bilan hamda bankning 25 yoshga to‘lganligi bilan samimiy qutlayman.

Barchangizga sog‘liq, oilangizga tinchlik, omonlik tilayman.

E’tiboringiz uchun rahmat!

Chop qilish PDF ni yuklash
O`zbekiston
Respublikasining
Hukumat portali
O`zbekiston Respublikasi
Markaziy banki

Siz ATB "Qishloq qurilish bank" tomonidan xizmat ko'rsatish sifatini qanday baholaysiz?

  • A'lo 80%
  • Qoniqarsiz 56%
  • Xizmatlardan kelajakda foydalanaman 26%
  • Yaxshi 19%
  • O'rta 14%
Valyutalar kursi 11.12.2019
Valyuta Xarid Sotish MB
1 USD 9 510,00 9 550,00 9 537.55
1 EUR 10 200,00 10 900,00 10 545.67
1 GBP 12 000,00 13 000,00 12 527.57
1 JPY 70,00 95,00 87.83
1 CHF 9 000,00 10 000,00 9 631.94
1 RUB 110,00 155,00 149.88
Kalkulyatorlar Bank xizmatlari tariflari